Chop etildi: · 6 daqiqa o'qiladi
Kafe uchun Telegram bot: tanlashdan oldin 9 ta savol
O'zbekistonda mijozlarning katta qismi kun bo'yi Telegramda. Shuning uchun kafe uchun Telegram bot — birinchi onlayn savdo kanali bo'lishi tabiiy. Lekin "bot" deganda uch xil narsa tushuniladi: tugmali oddiy bot, bot ichida ochiladigan Mini App (kichik ilova) va bot, sayt hamda admin panel birlashgan platforma. Quyidagi 9 ta savol to'g'ri tanlov qilishga yordam beradi.
1. Mijoz menyuni qanday ko'radi?
Tugmali botda taomlar ro'yxat ko'rinishida, rasmlar alohida xabarlarda keladi. 40 ta taomli menyuda bu charchatadi. Mini App oddiy ilovadek ochiladi: kategoriyalar, katta rasmlar, savat. Agar menyuingiz 15 ta pozitsiyadan ko'p bo'lsa, Mini App deyarli majburiy.
2. Variant va qo'shimchalar bormi?
Kafe menyusi do'kon katalogi emas. Lavash kichik yoki katta, pitsaga qo'shimcha pishloq, burgerga sous. Bot "o'lcham" va "qo'shimcha" tushunchalarini bilmasa, operator har buyurtmani telefonda aniqlashtiradi. Tanlashdan oldin aniq tekshiring: variantlar o'z narxi bilan, qo'shimchalar esa min/max cheklov bilan ishlaydimi.
3. Buyurtma qayerga tushadi?
Eng yaxshi holatda — ikki joyga: admin panelga (tarix, statuslar) va filialning Telegram guruhiga (oshxona darhol ko'radi). Yangi buyurtmada ovozli signal bo'lsa, birorta buyurtma ham e'tibordan chetda qolmaydi.
4. To'lov qanday qabul qilinadi?
Naqddan tashqari Click va Payme bo'lishi kerak: kechki buyurtmalarda mijozlar oldindan to'lashni afzal ko'radi. Ulash qancha vaqt olishini va har to'lovdan kim qancha komissiya olishini oldindan so'rang.
5. Bir nechta filial bo'lsa-chi?
Har filialning ish vaqti, yetkazish zonasi va narxi har xil. Tizim mijoz manzilidan kerakli filialni topa olishi va buyurtmani o'sha filial guruhiga yuborishi kerak. Aks holda bu ishni operator qo'lda qiladi.
6. Mijoz bazasi kimniki?
Eng muhim savol. Mijozlar ro'yxatini (ism, telefon, buyurtmalar soni) istalgan payt Excel yoki CSV ga yuklab olish mumkinmi? Agar yo'q bo'lsa, siz yana bir "agregator" tanlayapsiz, faqat arzonrog'ini.
7. Marketing vositalari bormi?
Bot savdoni boshlaydi, marketing esa uni ushlab turadi. Ro'yxat:
- segment bo'yicha rassilka (yangi, doimiy, uzoq vaqt kelmagan mijozlar);
- bonus yoki keshbek;
- promokodlar va bannerlar;
- ilova tepasidagi stories.
8. Qancha vaqtda ishga tushadi?
Individual ishlab chiqish odatda 1–2 hafta va undan ko'p vaqt oladi. Tayyor platformada kafe o'zi ro'yxatdan o'tadi, menyuni import qiladi va botni ulaydi — bu 1–2 kunlik ish.
9. Oyiga jami qancha turadi?
Faqat obunaga emas, jami xarajatga qarang: boshlang'ich to'lov, oylik to'lov, yangilanishlar, buyurtmadan foiz. Buyurtmadan foiz olinmaydigan model savdo o'sgan sari foydaliroq bo'ladi.
Qisqa xulosa
Kafe uchun ideal Telegram bot — bu Mini App, variant va qo'shimchalarni tushunadi, buyurtmani filial guruhiga yuboradi, Click/Payme ni qo'llaydi, mijoz bazasini eksport qilishga ruxsat beradi va buyurtmadan foiz olmaydi. Shu ro'yxat bilan istalgan taklifni 10 daqiqada tekshirib chiqasiz.